“Qayum Farm” MCHJga tegishli dorixona litsenziyasi bekor qilindi

24.01.2024 611

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Keles shaharchasi, Keles yoʻli koʻchasi, 120-uy manzilida joylashgan “Qayum Farm” MCHJga tegishli dorixonada tekshiruv oʻtkazilganda, tahlillar natijasiga koʻra, dorixona sotuv zalida muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlmagan 29 turdagi hamda tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat roʻyxatidan oʻtmagan 14 turdagi dori vositalari sotilayotganligi aniqlangan.

Yuqoridagi holat boʻyicha, “Qayum Farm” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun 2019-yil 10-iyun kuni berilgan 425-sonli litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Hamda “Qayum Farm” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, "Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom"ga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish - faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, qonun hujjatlari buzilishi shu jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qo‘pol uzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning yagona reyestri Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan yuritilib kelinmoqda. Ushbu reyestrga kiritilgan maʼlumotlar ular kiritilgan vaqtdan eʼtiboran uch yil muddat davomida saqlanishini ma'lum qilamiz.

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi